Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish va issiqlik ta’minoti tizimi raqamlashtirilmoqda
Bugun “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida “Ochiq eshiklar kuni” va matbuot anjumani tashkil qilindi.
Unda sohani modernizatsiya qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va tizimni to‘liq raqamlashtirish borasidagi ishlar tahlil qilindi. Xususan, bugungi kunda aholi uchun eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan issiqlik ta’minoti sohasidagi tub islohotlar va mavsumga tayyorgarlik jarayonlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Senati a’zolari, soha mutaxassislari va OAV vakillariga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini shaffoflashtirishga xizmat qiluvchi zamonaviy raqamli yechimlar taqdimot qilindi.
Ishtirokchilar boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi “Mening uyim”, uy-joy fondi hisobini yurituvchi “Turar joy”, ko‘p qavatli uylardagi liftlar xavfsizligini nazorat qiluvchi “Xavfsiz lift” hamda issiqlik ta’minoti tizimidagi isrofgarchiliklarning oldini olish va iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni aniq yuritishga mo‘ljallangan yangi “HotEnergy” axborot tizimlari va ularning keng imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir so‘ngida Senat a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga vazirlik va idoralar mutasaddilari tomonidan atroflicha va batafsil javoblar berildi.