2025-2026-yillar O‘zbekiston KSP dasturi yakuniy hisoboti
2024-yilda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Koreya issiqlik korporatsiyasi (KDHC) o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama anglashuv memorandumi doirasida markazlashgan issiqlik ta’minoti sohasida tajriba va bilim almashish ishlari davom etmoqda.
Bugun «Issiqlikta’minoti» AJ boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev va koreyalik mutaxassislar ishtirokida “2025-2026-yillar O‘zbekiston KSP dasturi yakuniy hisoboti” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Hisobot davomida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan tahlillar va ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy takliflar taqdim etildi. Xususan, Farg‘ona viloyatida biomassa asosida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan mustaqil energiya ta’minoti modellari hamda atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar muhokama qilindi.
Koreyalik mutaxassislar taqdimotiga ko‘ra, biomassa asosidagi loyihalarni amalga oshirish orqali tabiiy gazga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish, issiqlik manbalarini diversifikatsiya qilish va yillik uglerod chiqindilarini sezilarli darajada qisqartirish imkoniyati mavjud.
Mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi tajriba almashinuvini mustahkamlash va O‘zbekistonda zamonaviy, barqaror issiqlik ta’minoti tizimini shakllantirishga muhim hissa qo‘shmoqda.