Urganchda qumdan issiqlik energiyasi olinadi
Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida "Issiqlikta’minoti" AJ hamda Finlyandiyaning “Oneworld Solutions Ltd” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandumda so‘z boradi. Mazkur kelishuv issiqlik ta’minoti sohasida investitsiya va innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida butunlay gazsiz ishlaydigan markazlashgan, xavfsiz issiqlik tizimlarini yaratishni ko‘zda tutadi.
Hamkorlik doirasida Urganch shahridagi 19 son issiqlik markazini modernizatsiya qilish strategik loyiha sifatida tanlab olinadi. Unga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 50 million yevro miqdorida investitsiya kiritilishi hamda mahalliy qumdan (Amudaryo va cho‘l qumlaridan) foydalangan holda issiqlik energiyasini samarali saqlash va uzluksiz yetkazib berish imkonini beruvchi innovatsion qum batareyasi texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.