Korrupsiyaga qarshi kurash, ijro intizomi va moliyaviy barqarorlik: “Issiqlikta’minoti“ AJda kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
"Issiqlikta’minoti“ AJ tizimida korrupsiyaning oldini olish, issiqlik ta’minoti tizimlarini rivojlantirish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi hamda tizim korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uni Jamiyat boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev olib bordi va ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qattiq tanqid qilindi.
ㅤ
Yig‘ilishda hududiy korxonalar rahbarlari, markaziy apparat hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan vakillar ishtirok etdi.
ㅤ
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash va ochiqlik siyosati olib boriladi
ㅤ
Kengaytirilgan yig‘ilishda tizim korxonalari faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish bosh vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi. Ayrim viloyat va shahar issiqlik ta’minoti korxonalarida aniqlangan qonunbuzilishlar hamda manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan axborotlar berildi va bu tizimning barcha rahbarlari uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
ㅤ
Sohani moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi
ㅤ
Uchrashuvda alohida qayd etildiki, sohani moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilganiga qaramasdan, hududiy korxonalar tomonidan barqarorlikni ta’minlash ishlari hanuz qoniqarsiz ahvolda qolmoqda. Ayrim viloyatlarda esa tushumlarni undirish ko‘rsatkichi o‘ta past darajada. Shuningdek, korxonalar tomonidan amaliy choralar ko‘rilmagani bois yangi kreditor qarzdorliklar shakllanishi davom etmoqda. Bu yo‘nalishda ishlarni yangicha tashkil qilish, iste’molchilar bilan uyma-uy yurgan holda ishlash topshirig‘i berildi.
ㅤ
Murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomiga qattiq qaraladi
ㅤ
Murojaatlar bilan ishlash tizimi tahlil qilinganda, joylarda fuqarolar ko‘targan muammolar o‘z vaqtida hal etilmagan holatlar ko‘zga tashlangani va takroriy murojaatlar kelib tushayotgani aytib o‘tildi. Bunday salbiy holatlar asosan Navoiy, Olmaliq va Toshkent viloyatidagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi issiqlik ta’minoti korxonalari esa o‘tkazilishi rejalashtirilgan „Sayyor qabul“lar muddatlarini buzgan. Qo‘qon shahri, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida esa xodimlar qo‘nimsizligi sababli elektron tizimdagi topshiriqlar ijrosi kechiktirilgan va ijro intizomi buzilgan.
ㅤ
Jamiyat boshqaruv raisi tomonidan barcha rahbarlar zimmasiga ijrosi majburiy bo‘lgan bir qator vazifalar yuklatildi.
ㅤ
Xususan, sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligini ta’minlash, debitorlik qarzdorliklarni qisqartirib kunlik tushumlarni oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish choralarini ko‘rish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida mablag‘larni samarali ishlatish, ijro intizomiga amal qilish shular jumlasidan.
ㅤ
❗️Kengaytiirlgan yig‘ilishda, ishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari bois Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari issiqlik ta’minoti korxonalari rahbarlariga belgilangan tartibda intizomiy choralar ko‘rilishi, qolgan korxona rahbarlariga esa qat’iy ogohlantirish berilishi ta’kidlandi.