Issiqlik ta’minotini sun’iy intellekt asosida monitoring qilish markazining ochilishi
Mamlakatimizda markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini kompleks modernizatsiya qilish, energiya va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda sohani to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu strategik vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida "Issiqlikta’minoti" AJ tomonidan xorijiy yetakchi kompaniyalar bilan manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.
"Issiqlikta’minoti" AJ hamda Koreya Respublikasining kommunal va aqlli boshqaruv texnologiyalari sohasidagi yetakchi korxonasi hisoblangan "Human Shift by
Creative Meter Tech" (HSCMT) (Koreya konsorsiumi) o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumiga muvofiq, tomonlar issiqlik ta’minoti tizimiga sun’iy intellekt va "aqlli" o‘lchov uskunalarini joriy etish bo‘yicha yirik pilot loyihani amalga oshirishga kirishdi.
Bugun "Issiqlikta’minoti" AJ markaziy apparatida mazkur hamkorlikning muhim amaliy natijasi bo‘lgan zamonaviy Issiqlik ta’minotini sun’iy intellekt asosida monitoring qilish markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Memorandum shartlari, investitsiya va texnik parametrlar
Ikki tomonlama kelishuvga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 2 million 300 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu mablag‘lar Janubiy Koreya tomonining beg‘araz va sarmoyaviy ajratmalari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni, bu Janubiy Koreya tomonining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyasi hisoblanadi.
Memorandum shartlariga muvofiq, Koreya Respublikasining HSCMT kompaniyasi quyidagi asosiy vazifalarni bajarishni o‘z zimmasiga oldi. Xususan:
· Issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti tizimlari uchun yuqori aniqlikda ishlovchi ultratovushli hisoblagichlar va avtomatik boshqariluvchi zulfinlarni yetkazib berish va o‘rnatish;
· Tizim ma’lumotlarini chuqur tahlil qiluvchi, issiqlik isrofi va avariya holatlarini oldindan bashorat qiluvchi AI dasturiy majmuasini integratsiya qilish;
· Imzolangan kelishuv amal qiladigan 2-yil davomida tizimni uzluksiz texnik qo‘llab-quvvatlash, doimiy monitoringni yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy injener-texnik xodimlar uchun malaka oshirish va o‘quv treninglarini tashkil etish.
Toshkent viloyatida (Olmaliq, Angren, Chirchiq) olib borilgan o‘rganishlar va pilot bosqich
Loyihani puxta va samarali tashkil etish maqsadida HSCMT kompaniyasining tajribali mutaxassislari Toshkent viloyatining Olmaliq, Chirchiq va Angren shaharlaridagi markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimlari holatini joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqishdi.
Tadqiqotlar davomida magistral va ichki issiqlik tarmoqlarining jismoniy eskirish darajasi, gidrologik va termik rejimlar, shuningdek, mavjud boshqaruv hamda dispetcherlik mexanizmlari atroflicha tahlil qilindi. Va shundan kelib chiqib quyidagi amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi:
· Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan to‘liq "aqlli" boshqaruv tizimini sinovdan o‘tkazish maqsadida asosiy pilot hudud sifatida Angren shahri tanlab olindi;
· Olmaliq, Chirchiq va Angren shahrlarida pilot loyiha doirasida 10 ta yirik, zamonaviy ultratovushli issiq suv hisoblagich beg‘araz asosda o‘rnatildi. Ushbu uskunalar real vaqt rejimida ma’lumotlarni markazga uzatishni boshladi;
· Sinov tajribalari muvaffaqiyatli o‘tgach, keyinchalik loyihani butun respublika bo‘yicha joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish bo‘yicha 2025-yilning noyabr oyida muzokaralar boshlandi va 2026-yilning aprel oyida "Issiqlikta’minoti" AJ hamda HSCMT kompaniyasi o‘rtasida 2 mln 300 ming AQSH dollariga teng Anglashuv memorandumi imzolandi.
Zamonaviy Markaziy dispetcherlik punktining foydalanishga topshirilishi va sun’iy intellekt tizimlarining joriy etilishi issiqlik ta’minoti tizimini to‘liq raqamlashtirish, noqonuniy ulanishlar va issiqlik isrofini keskin kamaytirish, shuningdek, sohada shaffoflik va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.