06.01.2026
Nukusga issiqlik qaytishi tezlashmoqda
Xabar berib borayotganimizdek, Prezidentimizning tashabbusi bilan Saudiya Arabistonining “Saudi Tabreed” kompaniyasi hamda “Issiqlikta’minoti” AJ hamkorligida “Nukus shahrida issiqlik ta’minoti tizimlarini kogeneratsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda modernizatsiya qilish” DXSH loyihasi amalga oshirilmoqda.
Bugun loyiha ishtirokchilarining ishchi uchrashuvi tashkil qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, “Issilikta’minoti” AJ boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev, “Saudi Tabreed” kompaniyasi bosh direktori Suliman Al-khliwi hamda qurilish va konsalting kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Muhokamalar jarayonida joriy yilning yanvar oyida qurilish oldi tayyorgarliklari va fevral oyidan qurilishning faol bosqichiga o‘tish bo‘yicha kelishib olindi.
Asosiy e’tibor, loyihani sifatli amalga oshirish va joriy yilning o‘zida yakunlashga qaratildi.
Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, loyiha qiymati 20,3 mln dollarga teng. Bunda Nukus shahridagi RK-1 qozonxonasini zamonaviy kogeneratsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda yangilash ishlari olib boriladi. Natijada 21,5 MVt elektr, 61,5 MVt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.
Birinchi bosqichning o‘zida 114 ta ko‘p qavatli uy va 31 ta ijtimoiy soha ob’yekti, loyiha to‘liq yakunlangach Nukus shahridagi 20 mingdan ortiq xonadon yoki 511 ta ko‘p qavatli uy hamda 182 ta ijtimoiy soha ob’yekti markazlashlgan issiqlik energiyasi bilan qamrab olinadi.
Shuningdek, uchrashuvda Buxoro hamda Navoiy viloyatlarida amalga oshadigan loyihalar bo‘yicha ham kelishib olindi.