18.11.2025
Nukus shahrida elektr ham issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi
Toshkentda o‘tayotgan “Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish” mavzusida xalqaro forum doirasida “Issiqlikta’minoti” AJ hamda Saudiya Arabistonining “Saudi Tabreed District Cooling” kompaniyasi o‘rtasida “Nukus shahrida issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish” to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Unga ko‘ra, Nukus shahrida qiymati 20,3 mln dollarga teng RK-1 qozonxonasini zamonaviy trigeneratsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda yangilash ishlari olib boriladi.
Bunda 21,5 MVt elektr, 61,5 MVt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.
Natijada, loyihaning birinchi bosqichida 114 ta ko‘p qavatli uy va 31 ta ijtimoiy soha ob’yekti, loyiha to‘liq yakunlangach Nukus shahridagi 20 mingdan ortiq xonadon yoki 511 ta ko‘p qavatli uy hamda 182 ta ijtimoiy soha ob’yekti markazlashlgan issiqlik energiyasi bilan qamrab olinadi.
Shu bilan birga, yiliga 6 mln³ tabiiy gaz hamda 1,8 mlrd so‘mgacha elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Ushbu loyiha to‘liq davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshadi.