09.04.2026
Issiqlik tizimiga AI texnologiyalari joriy etiladi
“Issiqlikta’minoti” AJ hamda Koreya Respublikasining Housing Service and Communal Management Technology (HSCMT) kompaniyasi (Koreya konsorsiumi) o‘rtasida strategik hamkorlikka asos soluvchi, 2 mln 300 ming AQSH dollariga teng Anglashuv memorandumi imzolandi.
Bu pilot loyiha bo‘lib, Angren shahrida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, issiqlik ta’minoti tizimida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalariga asoslangan aqlli boshqaruv tizimi sinovdan o‘tkaziladi.
Memorandum doirasida Koreya tomoni, xususan, HSCMT kompaniyasi, issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti sohasida eng zamonaviy ultratovushli hisoblagichlar, zulfinlar hamda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy yechimlarni taqdim etadi. Shuningdek, Koreya konsorsiumi tizimni texnik qo‘llab-quvvatlash, monitoring qilish va mahalliy mutaxassislar uchun maxsus o‘quv treninglarini tashkil etish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi.
Kelishuv ikki yil davomida amal qiladi va bu vaqt ichida tomonlar texnologiyalarni mahalliy sharoitga moslashtirish hamda kelajakda ularni butun mamlakat miqyosida keng joriy etish imkoniyatlarini o‘rganadi.
Ushbu hamkorlik sohada shaffoflikni oshirish, resurslarni tejash va issiqlik ta’minoti boshqaruvini mutlaqo yangi, raqamli bosqichga olib chiqishda muhim poydevor bo‘ladi.