06.04.2026
Oson yo‘lni emas, to‘g‘ri yo‘lni tanlash kerak!
Bugun «Issiqlikta’minoti» AJ Boshqaruv raisi Ilhom To‘rayev Jamiyatning markaziy apparati va hududiy korxonalar xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda sohada korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi kabi illatlarni yo‘qotish masalasi haqida so‘z bordi.
Boshqaruv raisi, avvalo, shu vaqtgacha tizimda aniqlangan qonunbuzilish holatlari va ularni keltirib chiqargan omillar xususida ma’lumot berdi. Bu illatga qarshi turishda eng birinchi o‘rinda o‘zimiz, o‘z nafsimiz bilan kurash olib borishimiz lozim, dedi.
Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati issiqlik ta’minoti korxonasida asosiy vositalarni talon-toroj qilish, Navoiy, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari issiqlik ta’minoti korxonalarida tushumlarni maqsadsiz sarflash kabi holatlar ko‘zga tashlangani qattiq tanqid qilindi.
Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Shundan kelib chiqib, markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimida ko‘rsatiladigan xizmatlarning barchasi to‘liq raqamlashadigan bo‘ldi.
"Birovning haqi, tamagirlik orqali olingan pul hech qachon baraka keltirmagan. Keling, farzandlarimizga nafaqat moddiy boylik, balki eng katta meros — pok nom qoldiraylik. Zero, halollik – bu xotirjamlikdir",
- dedi Ilhom To‘rayev xodimlarga murojaat qilib.